SUV TANQIS HUDUDLARDA SUG‘ORMASDAN BOG‘ TASHKIL ETISH MUMKINMI?
21.06.2026 09:44:13 41
Bugungi kunda suv resurslarining kamayib borishi qishloq xo‘jaligida yangi va tejamkor agrotexnologiyalarni qo‘llashni talab etmoqda. Ana shunday samarali usullardan biri o‘simlik qoldiqlaridan “mulcha” materiali sifatida foydalanish hisoblanadi.
Mulchalash – bu tuproq ustini qoplash tadbiri bo’lib, uning quyidagicha bir qator afzalliklari bor:
- tuproqdagi namlikning bug‘lanishini kamaytiradi;
- sug‘orishga bo‘lgan ehtiyojni keskin qisqartiradi;
- tuproq haroratini me’yorlashtiradi;
- begona o‘tlar rivojlanishini cheklaydi;
- organik moddalarning ko‘payishi hisobiga tuproq unumdorligini oshiradi;
- daraxt va ko‘chatlarning qurg‘oqchilikka chidamliligini kuchaytiradi.
Tajribalar: Namangan davlat pedagogika instituti dotsenti, ayni damda agromaslahatlar beruvchi "Servis gurugi" rahbari Qoriyev Mirzoxid tomonidan 2013-yildan buyon Namangan viloyati Uychi tumani adirlik hududlarida suv taqchil sharoitlarda mevali bog‘larni sug‘ormasdan barpo etish va rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Tadqiqotlar natijasida mevali daraxtlar barg hazonlari, o‘t-o‘lanlar va boshqa organik qoldiqlardan mulcha sifatida foydalanish tuproq namligini uzoq vaqt saqlab qolishda yuqori samara berishi aniqlangan.
Agrotexnologiyasi: Buning uchun daraxt atrofidagi tuproq yuzasiga 8–15 sm qalinlikda barg hazonlari, pichan, o‘t-o‘lanlar qoldiqlari yoki boshqa organik materiallar yotqiziladi. Natijada tuproqdagi tabiiy namlik uzoq muddat saqlanib, ko‘chatlarning rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Ayniqsa, adirlik va lalmi hududlarda ushbu usul ekologik va iqtisodiy jihatdan samarali bo‘lib, suv resurslarini tejash hamda qurg‘oqchilik sharoitida bog‘dorchilikni rivojlantirish imkonini beradi.
Eslatma: Tabiat bergan organik qoldiqlarni chiqindi sifatida emas, balki tuproq namligini saqlab turuvchi va unumdorligini oshiruvchi qimmatli resurs sifatida foydalanish bugungi kunning muhim agroekologik vazifalaridan biridir